Welcome to Samarqand viloyati Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Samarqand viloyati Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi Powered By GSpeech

Gurlan tumani hokimi Alisher Salayev: “Hech bir fermerning shaxsiyati va qadr-qimmatiga tegadigan haqorat qilmadim, urmadim”

 
Ayrim internet saytlarida Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimi Alisher Salayev joriy yil 11 mart kuni hokimlik binosida fermerlar bilan boʻlgan yigʻilishda otasining oʻrniga kelgan fermerning oʻgʻli Dilshod Doʻstmetovni haqorat qilib, stul bilan boshiga urgani haqida xabar tarqaldi. Qizgʻin munozaraga sabab boʻlayotgan bu voqea aslida qanday boʻlgan edi?
 
OʻzA muxbiri mazkur voqea sabablarini oʻrganish va masalaga oydinlik kiritish maqsadida Gurlan tumani hokimi A.Salayev bilan uchrashdi.
 
–2018 yil 3 dekabr kuni tumanga hokim qilib tayinlandim, – deydi A.Salayev. – Gurlan agrar tuman hisoblanadi. Aholisining koʻpchiligi dehqonchilik, xususan, sholi yetishtirish bilan shugʻullanadi. Tumanda har yili asosan sholi ekiladi. Shu sababdan fermerlarning koʻpchiligi dala madaniyati deganda, asosan faqat sholichilikni tushunadi. Ammo qishloq xoʻjaligida tomorqa, parrandachilik, chorvachilik, poliz, meva-sabzavot, uzumchilik kabi boshqa yoʻnalishlar ham bor. Tuman aholisining ehtiyojiga ketadigan mahsulotlarning 80 foizi chetdan, yaʼni boshqa tumanlardan olib kelinadi. Hatto mevali va manzarali daraxt ekish borasida ham sezilarli darajada boshqa tumanlardan orqada. Misol uchun, shu bahorda ham 2 milliard soʻm hokimlik mablagʻi evaziga boshqa tumandan daraxt koʻchatlari sotib olindi. Vaholanki, tumanning oʻzida qancha-qancha boʻsh maydonlar qarovsiz yotibdi. Shu yerlarda ana shu koʻchatlarni kimdir yetishtirganida shuncha mablagʻ tumanimizning oʻzida qolardi. Tumandagi 202 fermer xoʻjaligi rahbarlari va tuman mutasaddilarini dala madaniyatini oshirish, tomorqa, koʻkalamzorlashtirish va boshqa masalalar boʻyicha qoʻshni Yangibozor tumani fermerlari tajribasini oʻrganish maqsadida seminar tashkil qildik. Ikki tuman chegarasida barchamiz uchrashdik. Qoʻshni tumanning 150 fermeri barchasi hudud rahbarlari boshchiligida tartib bilan turibdi. Ammo, bizning tuman fermerlarining 57 nafari ushbu uchrashuvga kelmadi. Yangibozorlik fermerlar faoliyatini kuzatdik, oʻrgandik. Keyinroq seminarda ishtirok etmagan fermerlar uchun ikkita avtobusda oʻsha yoʻnalish boʻylab qaytadan sayr tashkil etildi. Biroq, baribir 12 fermer xoʻjaligi rahbari ushbu tadbirga yana kelmadi. Koʻrgan va kuzatganlarimizni maslahatlashib, tumanimiz qishloq xoʻjaligini tubdan oʻzgartirish maqsadida hokimlik zalida yigʻilish oʻtkazildi. Seminarda qatnashmagan fermerlarni turgʻazdim. Jahlim chiqib, achchiq-chuchuk soʻzlar aytdim. Ammo shaxsiyatiga, ularning qadr-qimmati va shaʼniga tegadigan hech qanday soʻz ishlatmadim. Ularni urish yoki kaltaklash niyatim ham yoʻq edi. Hech kimni stul bilan urmadim. Ishonmasangiz, shu majlisda ishtirok etgan xohlagan odamdan soʻrab koʻring!
 
Internet nashrlari tomonidan ushbu voqeada jabrlanuvchi qilib koʻrsatilayotgan “Saxu Diyori” fermer xoʻjaligi rahbari Shuhrat Doʻsimmetov bilan ham gaplashdik.
 
– Oʻgʻlim Dilshod Doʻstmetov fermerlik bilan shugʻullana boshlaganiga endi bir yil boʻlyapti. Oʻsha kuni mening mazam yoʻqligi hamda oʻgʻlim xoʻjalikning ish yurituvchisi boʻlgani sabab oʻrnimga borgan. 12 nafar fermer qatorida turgan. Biroq, hokim aynan mening oʻgʻlimga nisbatan haqoratli soʻzlarni yoʻllamagan. Baqirgan, barchani dangasalikda ayblab, koyigan. Kecha internetda chop etilgan maqolani oʻgʻlim bilan oʻqib koʻrdik. Voqeani juda boʻrttirib yuborishibdi. Oʻgʻlim Dilshodni hokim stul bilan urgan, degani gʻirt yolgʻon. Dilshodning aytishicha, hokim oʻzi oʻtirgan stolni bir necha bor jahl bilan mushtlagan. Bor gap shu.
Tugmani bosing Tinglash