Welcome to Samarqand viloyati Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Samarqand viloyati Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi Powered By GSpeech

Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlari boshqaruvi “Novaport” kompaniyasiga oʻtadimi? Bunga Transport vazirligi munosabat bildirdi

Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlari boshqaruvi “Novaport” kompaniyasiga oʻtadimi? Bunga Transport vazirligi munosabat bildirdi

 

RASMIY MUNOSABAT. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlari boshqaruvi “Novaport” kompaniyasiga oʻtishi toʻgʻrisidagi xabarlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, havo kemalari parkini bosqichma-bosqich yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini taʼminlash, aeroportlar infratuzilmasini, havodagi harakatni boshqarish tizimini va malakali mutaxassislar tayyorlashni takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq shunga qaramasdan, mamlakatimizning fuqaro aviatsiyasida uning jahon aviatashishlar bozorida raqobatbardoshligini taʼminlash va ushbu tarmoqqa investitsiyalarni faol jalb qilish, sohaning tarmoq korxonalari moliyaviy barqarorligi va rentabelligini taʼminlash imkonini beruvchi menejmentning zamonaviy tizimini joriy etish masalalarida qator tizimli kamchiliklar saqlanib turibti.

Aeroportlar ekspulutatsiyasi va ish faoliyatini taʼminlash doimiy ravishda katta miqdordagi investitsiyalar kiritilishini talab etadi. Aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan yoʻlovchi terminallari, uchish- qoʻnish yoʻlaklarini qurish va rekonstruksiya qilish, yoritish va signal chiroqlari qurilmalarini modernizatsiya qilish, maxsus texnikalarni xarid qilish, havo kemalari, yoʻlovchilar va bagajlarga xizmat koʻrsatish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini tadbiq etish katta sarf-xarajatlarni talab etadi.

Hozirgi kunda fuqaro aviatsiyasi boshqaruv tizimi, shu jumladan yerdagi infratuzilmadan foydalanish xizmat koʻrsatishning jahon standartlariga javob bermasligi, reyslarga koʻrsatilayotgan xizmatlarning yetarli darajada emasligi, asosiy ishlab chiqarish faoliyatidan tushadigan daromadlarning pastligi mamlakatimizdagi ayrim aeroportlarning norentabelligiga sabab boʻlmoqda. Bu kabi aeroportlarning ish faoliyatini taʼminlash davlat byudjetidan katta miqdordagi mablagʻajratilishini talab etmoqda.

Jahon Banki ekspertlar guruhining fikricha aeroportlar oʻtkazuvchanlik qobiliyatining cheklanganligi va infratuzilma sarf-xarajatlarining yuqoriligi parvozlar narxining qimmatlashuviga sabab boʻlmoqda, bu esa oʻz navbatida xorijiy aviatashuvchilarning bozorga kirish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Jumladan, Termiz xalqaro aeroporti uchish-qoʻnish yoʻlagining xalqaro talablarga mutlaqo javob bermasligi xorijiy aviakompaniyalarning mazkur aeroportga parvozlarni amalga oshirishiga toʻsiq boʻlmoqda.

 

Bundan tashqari, bugungi kunda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon xalqaro aeroportlarining uchish-qoʻnish yoʻlaklari taʼmirtalab ahvolda.

 

Shuningdek, Toshkent, Namangan, Samarqand, Buxoro, Urganch va Andijon xalqaro aeroportlari terminalining kichikligi ularning oʻtkazuvchanlik quvvati past koʻrsatkichda qolishiga sabab boʻlmoqda.

 

Bu kabi salbiy holatlar ayrim yoʻlovchilar parvozlarni qoʻshni davlatlarning Oʻsh, Chimkent kabi shaharlari orqali amalga oshirishiga olib kelmoqda.

 

Yetakchi xalqaro ekspertlarning fikricha xalqaro standartlar darajasida xizmat koʻrsatishni taʼminlash uchun aeroportlardan foydalanish va ularni rivojlantirishga xususiy sektorni jalb etish mavjud muammolarning yechimi boʻlib hisoblanadi.

Aviatashuvlar bozorida raqobat muhitini yaratish va sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni faol jalb etishning dastlabki natijasi Samarqand, Namangan va Urganch shaharlari aeroportlari boshqaruvining konsessiya kelishuvi asosida Rossiya Federatsiyasining “Novaport” kompaniyasiga berilishi mazkur yoʻnalishdagi dastlabki qadamdir.

Kelishuvga koʻra “Novaport” kompaniyasi oʻz sarmoyalari hisobidan yuqoridagi aeroportlarni modernizatsiya qilish va rivojlantirishga qaratilgan “Loyihalash, Qurilish, Ekspluatatsiya, Topshirish” (DBOT) modeli asosida ishlarni bajarish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Ekspluatatsiya davrida “Novaport” kompaniyasi davlatga konsessiya yigʻimlarini toʻlab boradi.

 

Fuqaro aviatsiyasi sohasida boshqaruvning zamonaviy shakl va usullarini joriy etishni jadallashtirish, soha korxonalarini xalqaro tendensiya va standartlarga muvofiq qayta tashkil etish hukumatning aviatsiya sohasidagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishdagi asosiy maqsadidir.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mavjud qonunchilikka koʻra aerodrom infratuzilmasi obyektlari, jumladan havo kemalari uchun moʻljallangan uchish-qoʻnish va qoʻshimcha xarakatlanish yoʻlaklarini xususiy sherikka faqat boshqaruv uchun berilishi mumkin. Ushbu obyektlar strategik ahamiyatga ega boʻlgani bois mulk huquqi davlatda qoladi. Qolaversa, davlat xususiy sherikligining har qanday shakli va usullarida asosiy boshqaruv va nazorat vositalari davlatda boʻladi.

Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga qaratilgan loyihani amalga oshirish yuzasidan “Novaport” kompaniyasi oʻz takliflarini ishlab chiqmoqda. Ushbu takliflar mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari tomonidan oʻrganib chiqilgandan soʻng yakuniy qaror qabul qilinadi.

Ushbu loyihani amalga oshirish aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirish, samarali ishlash va texnik xizmat koʻrsatishni taʼminlash, yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, yoʻlovchi tashish hajmini koʻpaytirish kabi ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi.

Aviatsiya sohasini tubdan takomillashtirish maqsadida, respublikamizning qolgan aeroportlarini davlat- xususiy sherikligi shartlari asosida investorlar boshqaruviga topshirish masalalari oʻrganib chiqilmoqda.

Xalqaro amaliyotga nazar soladigan boʻlsak, bugungi kunda toʻliq yoki qisman davlat xususiy sherikligi boshqaruvi asosida Sankt-Peterburg, Dehli, Afina, Istanbul, Tokio, Nagoya, Gonkong, Doxa, London, Syurix, Frankfurt, Amsterdam kabi yirik aeroportlar faoliyat yuritmoqda.

Tugmani bosing Tinglash