Welcome to Samarqand viloyati Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Samarqand viloyati Avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi Powered By GSpeech

Viloyat hokimi 30 mart kuni Qo‘shrabot tumanidagi o‘zi tahsil olgan maktablarga kitob sovg‘a qilib kelganidan so‘ng bu tadbir haqida o‘z taassurotlarini ijtimoiy tarmoqlarda bayon etdi.

“So‘nggi yillarda aksariyat yoshlar kitob o‘qishga qiziqmay qo‘ygani rost gap. Ular ko‘proq internetdan ma’lumotlar izlashga, yangiliklarni ham onlayn tarzda topib o‘qishga, telefon orqali turli o‘yinlar, suratlar, videolar ko‘rishga moyil.

Buning salbiy ta’siri yoshlar tarbiyasi, odob-axloqi, ma’naviyatida zararli iz qoldirishi mumkin.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlarimizni kitobga qaytarish borasidagi sa’y-harakatlarini barcha yurtdoshlarimiz qatori, men ham qo‘llab-quvvatlayman. Chunki kitob bitmas-tuganmas xazina, bilim manbai.

Bugun o‘zim tahsil olgan Qo‘shrabot tumanidagi 64-umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, 64, 41 va 19-maktab kitobxon o‘quvchilariga kitob sovg‘a qildim. O‘quvchi yoshlar bilan uchrashib, kitob o‘qigan odam hech qachon xor bo‘lmasligini, kitobxon qahramonlardek yuksak intilishlari bilan birga yashashi, hayotda qiynalganida, tushkunlikka tushganida ushbu qahramonlar kabi ish tutib, mashaqqatlarni yenga olishi haqidagi fikrlarimni bildirdim. O‘z navbatida o‘quvchilar ham mutolaa qilgan asarlari, xulosalari haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berishdi. Ijodkor yoshlar o‘z ijod namunalaridan parchalar keltirib o‘tishdi.

Farzandlarimizning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi, kitobga bo‘lgan mehri qanchalar kuchli bo‘lsa, ularning madaniyati, ma’naviyati ham tobora yuksalib boraveradi.

Ko‘pgina ota-onalar bolasiga kitob o‘qib berish uchun alohida vaqt ajratadi, biroq, hammada ham bunday emas. Iloji boricha, bolaga doimo bir vaqtda kitob o‘qib berish lozim, shundagina ular shu paytni intiqlik bilan kutishadi. O‘qitish esa intizom talab qiladi. Agar bola buni xotirjamlik bilan qabul qilsa demak, bu yaxshi foyda beradi. Kitob ularning tafakkur doirasini kengaytiradi, tasavvur qilish qobiliyatini o‘stiradi, iqtidorini rivojlantiradi.

Biz, yoshi kattalar kitob bolalarning fikrlash doirasini kengaytirish bilan birga tarbiya qilishning eng yaxshi usuli hisoblanishini unutmasligimiz lozim. Ma’naviyatni boyitishda kitobning o‘rni beqiyosdir. Shu bois barcha yoshi kattalarga murojaat qilib, yoshlarimizni kitob o‘qishga qaytarish borasida o‘z munosib hissasini qo‘shishga da’vat etamiz. Viloyatda kitobsevarlar safini kengaytirish maqsadida viloyat hokimligi quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha tanlov e’lon qiladi:

- Viloyatdagi eng yaxshi kitobxon oila -g‘olib oilaga mukofot “Spark” avtomobili;



- Eng yaxshi kitobxon maktab (16 ta birinchi o‘rin) – har bir shahar va tumandan birinchi o‘rinni egallagan maktabga 100 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti (jami 1,6 milliard so‘m);

- Eng yaxshi kitobxon mahalla (16 ta birinchi o‘rin) – har bir shahar va tumandan birinchi o‘rinni egallagan mahalla fuqarolar yig‘iniga 100 million so‘mdan pul mukofoti (jami 1,6 milliard so‘m).

Tanlov shartlari haqida batafsil ma’lumotlarni berib boramiz. Saytimizni kuzatib boring.

Tugmani bosing Tinglash